Fransiyada Charlie Hebdo hajviy gazetasi maxsus soni muqovasiga tushiriladigan “Qotil xudo” tasviridan iborat karikatura tanqidga uchradi, deya xabar bermoqda “TASS”.
Gazetaning ushbu soni 2015-yil 7-yanvar kungi teraktga bir yil to‘lishiga bag‘ishlanadi. 6-yanvar, chorshanba kuni chiqariladigan maxsus son maqolalarini BFM TV axborot telekanali e’lon qildi.
Gazeta mualliflari qaroriga ko‘ra, uning muqovasiga uzun libos kiygan sersoqol va oq sochli qariya yelkasiga Kalashnikov avtomatini osib olgani aks etgan oq-qora rasm joylanadigan bo‘ldi. Personajning soqoli, yengi va libosi etaklarida qon izlari tasvirlangan.
Bu karikatura, xususan, diniy tashkilotlar g‘azabiga sabab bo‘ldi. “Terakt qurbonlari orasida dindorlar ham bor edi… Ularning oilalari bu karikaturani ko‘rib, o‘zlarini haqoratlangan deb biladi. Men buni tushunolmayapman, shunchaki taajjubdaman”, — dedi Versal diotsezi ruhoniylaridan biri abbat Pyer Amar.
Eslatib o‘tamiz, 2015-yil 7-yanvar kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida joylashgan Charlie Hebdo satira gazetasi binosida noma’lum shaxslar o‘t ochishi oqibatida 12 kishi halok bo‘lgan edi.
Izoh (0)