Niderlandiya politsiyasi Ukrainada halokatga uchragan Malayziya “Boing”iga aloqador buyumlarni sotishda gumon qilib, o‘z xodimini qo‘lga oldi, deya xabar bermoqda “Korrespondent.net”.
Tartib posboni Marktplaats taniqli e’lonlar saytida barcha istovchilarga bunday “esdalik sovg‘alari”ni taklif qilgan. Politsiyachi o‘z lavozimini suiiste’mol qilish orqali qo‘lga kiritilgan mol-mulkni o‘zlashtirish va sarf qilishda gumonlanib hibsga olindi.
Sotuvga qo‘yilgan buyumlar orasida “Boing” halokati sabablarini tekshirgan xodimlarning maxsus kiyimlari, “Malayziya havo yo‘llari” logotipi tushirilgan sochiqchalar va “noma’lum materialning bir bo‘lagi” bo‘lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, xaridorlarga samolyot bo‘laklari ham taklif qilingan.
Ayni paytda ushbu buyumlar haqiqatan ham samolyotga tegishli-tegishli emasligini aniqlash bo‘yicha ichki tergov olib borilmoqda. Bundan tashqari, prokuratura jinoiy tekshiruvni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, 2014-yil 17-iyul kuni Malaysia Airlines’ning Amsterdamdan Kuala-Lumpurga uchib ketayotgan “Boing-777” layneri Ukrainaning Donetsk viloyatida qulagan edi. Samolyot bortida bo‘lgan 298 kishining barchasi halok bo‘lgan.
Izoh (0)