Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev nima uchun Qozog‘istonda tikilgan kostyum kiyishini tushuntirdi. Bu haqda “Zakon.kz” xabar bermoqda.
“Nima uchun kichik bir fabrika tomonidan ishlab chiqarilgan kostyumni kiyishni boshladim? Chunki ular endi ish boshlayapti, Qozog‘iston mahsulotini tayyorlashga harakat qilyapti, yosh qizlar, ayollarni ish bilan ta’minlayapti. Ehtimol ular ishlab chiqargan mahsulot jahon brendlari darajasida emasdir, biroq kiysa bo‘ladi”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.
Ayni vaqtda, Nazarboyev “Qozog‘istonda ishlab chiqarilgan” tamg‘asi ostidagi har bir mahsulot raqobatbardosh bo‘lishi uchun tovarlar uchta talabga javob berishi — sifatli, chiroyli va arzon bo‘lishi kerakligini tan oldi. “Faqat shundagina bizning ishimiz daromadli, mahsulotlarimiz esa talabgir bo‘ladi”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.
Nazarboyevning qayd etishicha, chet elda “milliarderlar o‘z boyligi bilan maqtanmaydi, u yerdagi ayollar katta toshlarni taqib yurmaydi, odamlari katta mashinalar haydamaydi”. “Bizda esa odamlar to‘rt qavatli uylar qurib, tankdek mashinalar sotib olyapti. Mashina o‘zi nimaga kerak? Biror joyga qulay yetib olishga faqat. Shuning uchun fuqarolarimiz badavlat bo‘lishni o‘rganishlari kerak. Boylik va hokimiyat hech kimga baxt keltirmaydi, jahondagi barcha faylasuflar, agar sening boyliging xalq foydasi uchun xizmat qilsa va bundan minnatdorlik ko‘rsang, haqiqiy baxt shu, deb aytadi”, — dedi Qozog‘iston prezidenti.
“Pullaringizni chet elda yashirmang, hozir hatto Shveysariya ham hisob-raqamlarni ochib beryapti. Hammasi ochiq ko‘rinib qoladi va faqat Qozog‘istonda qonuniylashtirilgan pullaringiz qonuniy mablag‘ingizga aylanadi. Ularni xususiylashtirish obyektlari uchun sarmoya sifatida kiriting”, — dedi Nursulton Nazarboyev badavlat qozog‘istonliklarga murojaat qilarkan.
Izoh (0)