A321 halokati yuzasidan OAVda chop etilayotgan nomi oshkor etilmagan manbalarning ma’lumotlari haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bu haqda samolyot qulashi sabablarini tekshirish komissiyasi rahbari Ayman al-Muqaddam ma’lum qildi, deya xabar berdi “RBK”.
“Qator ommaviy axborot vositalari yangiliklari va xabarlarida go‘yo komissiya a’zolari bo‘lgan anonim manbalarga tayanib yoritilayotgan ma’lumotlar noto‘g‘ri va komissiyaga aloqasi yo‘q”, — deya ta’kidlagan Ayman al-Muqaddam.
U tergovning rasmiy bayonoti 7-noyabr, shanba kuni kechki payt e’lon qilinganiga e’tibor qaratdi. Mazkur hujjat tekshiruvda ishtirok etayotgan besh mamlakat — Misr, Rossiya, Fransiya, Germaniya va Irlandiyaning akkreditatsiyadan o‘tgan komissiya a’zolari tomonidan imzolangan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Reuters agentligi “tekshiruvlarning nomini oshkor etmagan ishtirokchisi”ga tayanib, “Rossiya samolyoti parvozining so‘nggi soniyalaridagi “qora quti”da yozilgan ovoz 90 foizga bomba ovoziga o‘xshashligi” to‘g‘risida xabar qilgandi.
Izoh (0)