Grozniyning “Terek” futbol jamoasi vitse-prezidenti Haydar Alxanovning aytishicha, Moskvaning “Spartak” jamoasi darvozasiga to‘plar kiritgan “Terek” futbolchilari – yarim himoyachi Adilson Varken va hujumchi Ablay Mbeng Checheniston rahbari, jamoa prezidenti Ramzan Qodirovdan sovg‘a sifatida “Toyota” mashinalari bilan taqdirlandi. Jamoaning qolgan o‘yinchilariga mukofot pullari berildi. Bu haqda “Stadion.uz” ma’lum qildi.
Uchrashuv Rossiya chempionati 15-turi doirasida “Terek” maydonida bo‘lib o‘tdi hamda grozniyliklarning 2:1 hisobidagi irodali g‘alabasi bilan yakunlandi. “Varken va Mbengga “Toyotа” sovg‘a qilindi. Qolgan barcha yigitlarga uch karralik mukofot pullari berildi. Respublikamiz rahbari shunday hotamtoylik qildi. U o‘yinning o‘zidan va urilgan chiroyli gollardan juda ham mamnun bo‘ldi. Shuning uchun xursandchilikda shunday sovg‘alar qilishga qaror qildi”, — deya ta’kidlagan Alxanov.
“Terek” mazkur g‘alabasi evaziga “Spartak”ka yetib oldi, biroq qo‘shimcha ko‘rsatkichlar bo‘yicha undan bir pog‘ona pastroqda turibdi: jamoalar 23 ochko bilan 5 va 6-o‘rinlarni egallamoqda.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ablay Mbeng Ramzan Qodirov sovg‘a qilgan avtomobilni sotib, pulini Afrikaga xayriya tariqasida jo‘natishga qaror qilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)