Misr fuqaro aviatsiyasi vaziri Xossam Kamolning ma’lum qilishicha, Sinay yarimorolida qulagan A321 layneri ekipaji falokat (SOS) signalini yo‘llamagan. Bu haqda “Kommersant” xabar bermoqda.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, samolyot bortidan hech qanday signal kelib tushmagan. “Fojiaga qadar samolyot bortidagi muammolar haqida bizga hech qanday xabar berilmadi. Shuningdek, biz hech qanday SOS signalini ham olmadik”, — dedi Kamol.
Avvalroq Misr aviatsiya ma’muriyati Rossiya samolyoti aviahalokat arafasida laynerni Sinay shimolidagi El-Arishga favqulodda qo‘ndirishga urinmoqchi bo‘lgani haqida ma’lum qilgandi. Misr aviatsiya hodisalarini tergov qilish qo‘mitasi vakilining so‘zlariga ko‘ra, uchuvchi yerdagi dispetcherlarni samolyotda “texnik muammo” paydo bo‘lgani va u imkon qadar tezroq qo‘nishi kerakligi haqida ogohlantirgan.
Eslatib o‘tamiz, 31-oktabr, shanba kuni Misrda Metrojet (“Kogalimavia”) aviakompaniyasining Sharm-ash-Shayxdan Sankt-Peterburgga uchayotgan Airbus A321 layneri halokatga uchradi. Samolyot bortida bo‘lgan 224 kishining barchasi halok bo‘ldi. Aviahalokatga texnik nosozliklar sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin.
Izoh (0)