Moskvaning Basmanniy sudi Janna Nemsovaning otasining o‘limi yuzasidan Ramzan Qodirov va boshqa yuqori darajali chechen rasmiylarini so‘roq qilish haqidagi talabini rad etdi. Bu haqda “RBK” xabar bermoqda.
Sudya Yelena Lenskaya bu qarorni qonunga ko‘ra, hech kim tergov jarayoniga aralashishga haqli emasligi bilan izohladi. “Tergov yoki tezkor qidiruv harakatlarini o‘tkazish masalasini tergovchi mustaqil hal etadi, sud tergov ustidan nazorat qiluvchi tizim emas”, deya ta’kidlagan u.
“Nemsovning o‘ldirilishi yuzasidan tergov salkam sakkiz oydan beri cho‘zilmoqda, jinoiy ishni eng tajribali tergovchilar ko‘rib chiqyapti, ammo natija yo‘q, — deya o‘z navbatida noroziligini bildirgan Nemsov oilasining advokati Vadim Proxorov. — Qotillikning buyurtmachilari ham, tashkilotchilari ham topilgani yo‘q, faqat ijrochilar qo‘lga olingan, xolos”.
Proxorov barcha ayblanuvchilar Chechenistondan ekanligiga e’tibor qaratib, jinoyatning ildizlari ham shu yerga borib taqalishini taxmin qildi. U qonunga ko‘ra, tergovchilar tekshiruv jarayonlari qanday ketishini o‘zi belgilashini tan oldi, biroq ular muhim guvohlarni so‘roq qilishni asossiz rad etmasliklari kerakligini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Basmanniy sudi Janna Nemsovaning Tergov qo‘mitasi Ramzan Qodirovni otasining o‘limi bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida so‘roq qilishdan bosh tortgani yuzasidan shikoyatini ko‘rib chiqishi ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)