Moskvaning Basmanniy sudi Janna Nemsovaning Tergov qo‘mitasi Checheniston rahbari Ramzan Qodirovni otasining o‘limi bilan bog‘liq jinoiy ish doirasida so‘roq qilishdan bosh tortgani munosabati bilan shikoyatini ko‘rib chiqadi. Bu haqda “TASS” xabar berdi.
Janna Nemsova 19-avgustda sudga shunday shikoyat bilan murojaat etgan. Unda ta’kidlanishicha, Qodirov Boris Nemsov o‘ldirilishida aybdor hisoblangan Zaur Dadayev va Beslan Shavanov (qo‘lga olish chog‘ida o‘zini portlatib yuborgan) bilan shaxsan tanish bo‘lgan. Bu shaxslar ko‘p yillar davomida bevosita uning qo‘l ostida ishlagan.
“Qodirovning aytgan gaplari, shuningdek, uning Nemsov bilan uzoq vaqt ixtilofda bo‘lganini e’tiborga olib, Checheniston rahbari nafaqat qotillik ijrochilari, balki tashkilotchilar va buyurtmachilar to‘g‘risida ham axborotga ega bo‘lishi mumkin”, — deya taxmin qilgan da’vogar.
Janna Nemsova va uning advokati Ramzan Qodirovning Nemsovga tahdidlaridan marhumning ko‘p yillik yordamchisi Olga Tixomirova, jurnalist Aleksandr Riklin xabardor bo‘lganini ta’kidlamoqda. Ularning fikricha, bu dalillar Chechenistonning qator yuqori darajali rasmiylari, jumladan, Ramzan Qodirovni ham so‘roqqa chaqirish uchun asos bo‘ladi.
Izoh (0)