Ukraina qurolli kuchlari 5-oktabr, dushanbadan boshlab Lugansk viloyatidagi ajratish chizig‘idan tanklarni qaytarishni boshlaydi. Bu haqda mazkur viloyatdagi aksilterror amaliyotlari shtabi vakili Ruslan Tkachuk ma’lum qildi, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
“Luganskda joylashgan qurolli kuchlar bo‘linmalariga Minsk kelishuvlariga qo‘shimchalarda aks etgan harakatlarni amalga oshirish uchun 14 sutka vaqt berildi. Birinchi bo‘lib tanklar qaytariladi, ularning yo‘nalishlari va to‘planadigan poligonlari aniqlangan”,— deya ta’kidlagan Tkachuk.
O‘z navbatida, Lugansk xalq respublikasi vakillari ham harbiy texnikani ortga qaytarish jarayoni boshlanganini xabar berdi. Aleksandrovsk posyolkasi atrofiga tanklarning birinchi kolonnasi qaytarilgan.
Eslatib o‘tamiz, “Normand to‘rtligi”ning Parijdagi uchrashuvidan so‘ng Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko qurol-aslahlarni qaytarish 41 kun davom etishini ma’lum qilgan.
Izoh (0)