2025-yilning dekabrida shov-shuvga sabab bo‘lgan koreys seriali “Kalmar o‘yini”ning Amerika versiyasi Los Anjelesda suratga olinadi. Bu haqda What’s on Netflix nashri ma’lum qilmoqda. “Kalmar o‘yini: Amerika” deb nomlangan yangi loyiha originali bilan bir xil olamda kechadi, biroq voqealar AQSHda sodir bo‘ladi.

Serialning shouranneri mashhur “Yetti” va “Jangchilar klubi” filmlari bilan tanilgan rejissyor Devid Fincher bo‘ladi. U loyihani Britaniyaning “Utopiya” seriali ssenariynavisi Dennis Kelli bilan hamkorlikda ishlab chiqmoqda. Fincherning rejissyor sifatida ham ishtirok etishi kutilmoqda, biroq u Bred Pitt bilan “Kliff Bat sarguzashtlari” filmini suratga olish bilan band bo‘lgani sababli barcha qismlarni shaxsan boshqara olishi ehtimoldan uzoq.

Serial premyerasi taxminan 2027-yilga mo‘ljallangan. Loyihaning asosiy rollaridan birini ikki marta “Oskar” mukofoti sohibasi Keyt Blanshett ijro etadi. Qizig‘i shundaki, aktrisa original serialning yakuniy qismida ishtirokchilarni yollovchi sirli shaxs sifatida namoyon bo‘lgan edi.

Eslatib o‘tamiz, “Kalmar o‘yini” butun dunyo bo‘ylab millionlab tomoshabinlarni o‘ziga jalb qilgan Netflix’ning eng muvaffaqiyatli loyihalaridan biriga aylandi. Hozirda muxlislar amerikalik ijodkorlar tomonidan yaratilgan talqin asl nusxaning muvaffaqiyatini takrorlay oladimi-yo‘qmi, deb taxmin qilmoqdalar.

Syujet tafsilotlari hozircha sir tutilmoqda, biroq serialda koreys versiyasini mashhur qilgan ma’yus estetika va tarang muhit saqlanib qolishi ma’lum. Endi ijodkorlar Amerika muhitidagi o‘lim o‘yinlari ishtirokchilari uchun qanday yangi sinovlarni tayyorlaganini faqatgina taxmin qilish mumkin.
Izoh (0)