Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) 2015-yilda Ukraina iqtisodi pasayishi bo‘yicha bashoratni avvalgi 9 foizdan 11 foizga o‘zgartirdi. Bu haqda jamg‘armaning mamlakatdagi missiyasi tomonidan tarqatilgan press-relizda ma’lum qilingan, deya xabar beradi “Korrespondent.net”.
“Garchi Ukrainadagi makroiqtisodiy vaziyat sekin-asta barqarorlashib borayotgan bo‘lsa-da, birinchi yarim yillikda mamlakat iqtisodiyotidagi pasayish kutilganidan salmoqliroq bo‘lib chiqdi, — deya ta’kidlanadi hujjatda. — Shu sababli missiya 2015-yildagi iqtisodiy pasayish ko‘rsatkichlarini 11 foizgacha o‘zgartirishga qaror qildi”.
Jamg‘armaning kelgusi yil uchun bashorati o‘zgarishsiz qoldi — 2% o‘sish. XVJ iste’mol va investitsiya kayfiyatining yaxshilanishi, kreditlashning kengayishi, eksport amaliyotlarining ko‘payishi iqtisodiyotning tiklanishiga ko‘mak berishiga umid qilmoqda.
Izoh (0)