Yaponiya politsiyasi yakudzalarning mamlakatdagi eng yirik mafiya sindikati — “Yamaguti-gumi”da parchalanish yuz berganidan so‘ng jinoiy guruhlarning 29 a’zosini hibsga oldi, shuningdek, 20 dan ortiq tintuvlar o‘tkazdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
“Biz mafiya ichidagi joriy nizolar haqida aniq ma’lumotlarga ega emasmiz, biroq fuqarolarning xavfsizligini ta’minlash uchun barcha choralarni ko‘rishga tayyormiz”, — dedi Milliy politsiya boshqarmasi boshlig‘i Masaxito Kanetaka matbuot anjumanida.
Yaponiya politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, hibsga olingan orasida “Yamaguti-gumi” a’zolari ham, mazkur sindikatdan alohida ajralib chiqqan “Kobe Yamaguti-gumi” vakillari ham bor.
Mamlakat huquqni muhofaza qilish idoralari, mafiya ichidagi parchalanish ta’sir doiralarini qayta taqsimlash yo‘lidagi qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lishi bilan bog‘liq xavotirlar sabab, yuqori tayyorgarlik holatida turibdi.
Sentabr boshida asosiy “Yamaguti-gumi” sindikatidan 3 ming kishi ajralib chiqib, alohida “Kobe Yamaguti-gumi” guruhini tashkil etdi. Unga boshqa bir sindikat — “Yamaken-gumi” bossi, 67 yoshli Kunio Inoue rahbar etib tanlandi.
“Yamaguti-gumi” 13 ta turli mafiya sindikatlari va guruhlarini o‘zida birlashtirgan edi. “Yamaken-gumi” safida 2 mingga yaqin odam bo‘lib, ular amalda “Yamaguti-gumi”ning asosini tashkil etardi.
“Yamaguti-gumi”da 1980-yili ham parchalanish yuz bergan. O‘shanda bu holat qariyb 300 ta qonli to‘qnashuvlarga sabab bo‘lgan, ko‘plab odamlar qurbon bo‘lgandi. O‘shanda asosiy qarama-qarshilik “Yamaguti-gumi” jangchilari va sindikat tarkibidagi “Itiva-kay” guruhi o‘rtasida yuz bergan.
Izoh (0)