Saudiya Arabistonining Makka shahridagi mehmonxonada chiqqan yong‘in oqibatida haj amallarini bajarish uchun kelgan kamida 1,5 ming ziyoratchi evakuatsiya qilindi. Yamanning to‘rt nafar fuqarosi yong‘indan jabrlangan, deb xabar beradi “TASS”.
Qirollikning Fuqaro mudofaasi kuchlari 15 qavatli turar-joy majmuasida yuz bergan yong‘inni bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘in mehmonxonaning 11-qavatidagi xonalardan birida, elektr simlarida muammo borligi tufayli chiqqan. Qutqaruvchilar odamlarning hayotiga hech narsa xavf solmasligini bildirganidan so‘ng, ziyoratchilar o‘z xonalariga qaytgan.
17-sentabrda ham Makkadagi mehmonxonalardan birida yong‘in yuzaga kelgan va 1 mingdan ortiq kishi evakuatsiya qilingan edi. O‘shanda ikki kishi jabrlangan edi.
Eslatib o‘tamiz, 11-sentabr kuni Makkadagi Al Haram masjidiga kran qulashi natijasida 107 kishi halok bo‘ldi.
Izoh (0)