Rossiya Federal xavfsizlik xizmati (“FSB”) urush boshlanganidan buyon qo‘lga olish jarayonida salkam 70 kishini o‘ldirgan. Bu haqda Rossiya xavfsizlik idoralaridagi ma’lumotlarga tayanib, “Vajnie novosti” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada kamida 65 kishi, Zaporojye viloyatining bosib olingan qismida esa 4 kishi halok bo‘lgan. Samara yaqinida yana bir kishi qo‘lga olinayotgan paytda o‘z bombasidan halok bo‘lgan, deydi “FSB”. Hisob-kitoblarda boshqa kuch tuzilmalari tomonidan qo‘lga olingan odamlarning o‘ldirilishi inobatga olinmagan.
Bu raqamlarga frontoldi hududlarda Ukrainaning diversion-razvedka guruhlari bilan bo‘lgan to‘qnashuvlar ham kiritilmagan. “FSB”ning rasmiy press-reliziga ko‘ra, urush davrida qo‘lga olish paytida halok bo‘lganlar soni oshmagan. “Vajniye istorii” esa 2018-yildan 2021-yilgacha Rossiyada aksilterror operatsiyalari doirasida va hibsga olishga urinish chog‘ida kamida 74 kishi o‘ldirilganini yozmoqda.
Qurbonlar orasida Qozog‘iston fuqarolari ham bor
Urush boshlanganidan beri hibs vaqtida o‘ldirilganlarning kamida 44 nafari Rossiya fuqarosi bo‘lgan. To‘qqiz kishi fuqaroligi ko‘rsatilmagan holda Markaziy Osiyo mamlakatlarida tug‘ilgani aytilgan. Qurbonlarning kamida ikki nafari Qozog‘iston, yana bir nafardan Ukraina va Belarus fuqarolari bo‘lgan.
28 ta holatda “FSB” o‘ldirilganlarni Ukraina maxsus xizmatlari yoki Ukraina Qurolli kuchlari tarkibidagi ko‘ngilli bo‘linmalar topshirig‘i bo‘yicha hujumlarni tayyorlashda gumon qilgan, deyiladi xabarda.
27 kishi ISHID terrorchilik guruhiga aloqadorlikda, yana 14 kishi boshqa terrorchilik tashkilotlarida ishtirok etganlikda gumon qilingan.
Izoh (0)