Qozog‘istonning Olma-Ota shahri akimi (hokimi) Bauirjan Baybek usti yopiq bozor rastalari bo‘ylab aylanib, meva va quruq mevalarning narxlari bilan tanishdi, ko‘chada o‘quv buyumlari va idora mahsulotlarini sotayotgan konteynerlarni tekshirdi. Bu haqda “Nur.kz” xabar bermoqda.
Bundan tashqari, Baybek “Do‘star” kompaniyasi direktorining 1000 o‘ringa mo‘ljallangan savdo pavilyonini (400 avtomobilga mo‘ljallangan avtoturargohi bilan birga) rekonstruksiya qilish bo‘yicha hisobotini ham tingladi.
Eslatib o‘tamiz, 20-avgustdan e’tiboran Qozog‘iston milliy valyutasi — tenge erkin kursga o‘tgani munosabati bilan, mamlakat bosh vaziri Karim Masimov narxlarning asossiz o‘sishiga yo‘l qo‘ymaslik haqida ko‘rsatma bergandi.
Xuddi shu kuni Oqo‘rdada biznes vakillari bilan uchrashgan Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyev “oziq-ovqat mahsulotlari narxini oshirgan shaxslarni tutish va jazolashga” va’da bergandi.
Izoh (0)