“Barselona” futbolchisi Xerard Pike Ispaniya Superkubogi javob uchrashuvida yon qanot hakamini haqorat qilgani uchun to‘rt uchrashuvga diskvalifikatsiya qilindi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Pike “Atletik”ga qarshi Ispaniya Superkubogi javob uchrashuvining 56-daqiqasida, “Atletik”da o‘yindan tashqari holat yuz berganini qayd etmagan yon qanot hakamini haqorat qilgani uchun maydondan chetlatilgan edi.
Ikki klub o‘rtasida 17-avgust, dushanba kuni Barselonadagi “Kamp Nou” stadionida bo‘lib o‘tgan o‘yin 1:1 hisobidagi durang natija bilan yakuniga yetdi. Jamoalarning Bilbaoda o‘tgan birinchi o‘yinida “Barselona” 0:4 hisobida imkoniyatni boy bergandi.
Endi Xerard Pike Ispaniya chempionati doirasidagi to‘rtta uchrashuvni o‘tkazib yuborishi kerak bo‘ladi.
Izoh (0)