Hindistonda mefedron ishlab chiqarish uchun o‘z narkolaboratoriyasini tashkil etgan ikki o‘qituvchi qamoqqa olindi. Bu haqda NDTV xabar bermoqda.

Giyohvand moddalarni nazorat qilish byurosi ma’lumotiga ko‘ra, Muklava shahridagi davlat yuqori sinf maktabining tabiiy fanlar o‘qituvchisi, 25 yoshli Manoj Bxargav va sobiq fizika o‘qituvchisi Indrajit Vishnoy qamoqqa olingan. Ular turar joy majmuasidagi ijaraga olingan xonadonda narkotik moddalar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ikki yarim oy davomida faoliyat yuritishgan.
Gumonlanuvchilar Dehlidan kimyoviy moddalar va uskunalar xarid qilishgan, so‘ngra mefedron tayyorlash uchun ta’til olishgan. Shu vaqt ichida ular umumiy bozor qiymati 136 ming dollarga teng bo‘lgan taxminan 5 kg modda ishlab chiqarishga erishgan. Shundan 4,22 kilogrammi allaqachon sotilgan.
Tintuv paytida xodimlar 780 gramm giyohvandlik moddasi, zamonaviy laboratoriya uskunalari va bir qator kimyoviy prekursorlarni musodara qilishgan.
Ta’kidlanishicha, ushbu operatsiya mintaqadagi giyohvandlik sindikatiga berilgan eng katta zarbalardan biri bo‘ldi. Hozirda sotish kanallari va ehtimoliy hamkorlarni aniqlash bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.
Izoh (0)