Kaliforniya markaziy okrugi sudyasi Geri Klauzner boks bo‘yicha besh vazn toifasida jahon chempioni hisoblangan amerikalik Floyd Meyuezerning filippinlik Menni Pakyao ustidan qozongan g‘alabasi tafsilotlari yuzasidan tergov boshladi. Bu haqda Globoesporte xabar bermoqda.
Sudya muxlislar tomonidan berilgan 32 shikoyatni tahlil qilib chiqish niyatida. Mazkur shikoyatlarda jangning, muxlislar fikricha, bahsli natijasini qayta ko‘rib chiqish iltimosi bor — amerikalik bokschi hakamlarning yakdil ovozi bilan g‘alaba qozongan edi. Tergov bokschilarning o‘ziga, ularning agentlari va jang tashkilotchilariga daxl qiladi.
Sud, shuningdek, Pakyao tomonidan yelkadagi jarohat yashirilgani va u shu vaziyatda jangga kirgani holatini ham ko‘rib chiqadi. Avvalroq mazkur holat yuzasidan Nevada shtatida istiqomat qiluvchi ikki kishi sudga shikoyat qilgan va 5 million dollar miqdorida tovon puli talab qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Meyuezer va Pakyao o‘rtasidagi 12 raundli jang 2-may kuni Las-Vegasda bo‘lib o‘tgan va hakamlarning yakdil qarori bilan, ochkolar bo‘yicha amerikalik bokschining g‘alabasi bilan yakuniga yetgandi.
Izoh (0)