O‘zbekiston Milliy matbuot markazida “Keksalarni e’zozlash yili” Davlat dasturi ijrosiga bag‘ishlab matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazining mazkur yo‘nalishdagi ishlari atroflicha muhokama etildi, deb xabar beradi O‘zA.
Anjumanda davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi, “Nuroniy” jamg‘armasi va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida amalga oshirilayotgan “Nuroniylar e’zozimizda” loyihasi doirasida faol yoshlar urush va mehnat faxriylari, boquvchisini yo‘qotgan keksalar holidan xabar olib, ularga uy-joy maishiy sharoitini yaxshilashda ko‘maklashmoqda.
“Avlodlar uchrashuvi” loyihasi hayotga keng tatbiq etilayotir. Ushbu loyiha doirasida faxriylar ishtirokida ko‘plab madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etilmoqda. Faxriylar xonadonlariga tashriflar uyushtirilayotir.
Markaz tomonidan “Keksalar e’zozimizda”, “Keksalarga mehr-oqibatli bo‘laylik”, “Shukronalik – saodatimiz ramzi”, “Vatan ostonadan boshlanadi”, “Keksalari e’zozlangan yurt” nomli bukletlar tayyorlanib mahallalar, ta’lim muassasalari, tashkilotlarga tarqatildi. Shu bilan birga 20 nomda buklet, 5 nomda o‘quv-uslubiy qo‘llanma, 30 nomda ma’ruza matni va taqdimot slaydlari tayyorlangan. Ular ma’naviyat targ‘ibotchilari uchun asosiy ma’lumotlar bazasi bo‘lib xizmat qilayotir.
Izoh (0)