YouTube videoxizmati Chechenistonning “Grozniy” davlat teleradiokanali rasmiy akkauntini blok qildi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Telekanal internet-tahririyati muharriri Dmitriy Yefremovning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtda videoxostingning qo‘llab-quvvatlash xizmati bilan muzokaralar olib borilmoqda.
Yefremovning fikricha, teleradiokompaniyaning YouTube’dagi kanali “Grozniy” teleradiokanali ustidan videoxizmat ma’muriyatiga shikoyatlar yo‘llash uchun maxsus ochilgan foydalanuvchi hisoblarining ommaviy murojaatlari sabab bloklangan bo‘lishi mumkin.
“‘Grozniy’ teleradiokanalining akkauntida mutlaq eksklyuziv videokontent joylashtirilgan bo‘lib, undan yirik federal OAVlar ham foydalanadi. Biz kimningdir huquqlarini buzgan bo‘lishimiz mumkin emas”, — deydi muharrir.
“Grozniy” teleradiokanali YouTube’dagi akkauntini ochganiga to‘rt yil bo‘ldi, bu vaqt davomida internet-kanalga 5 mingdan ortiq lavha joylashtirilgan. Kanalga 30 mingdan ortiq foydalanuvchi obuna bo‘lgan.
Izoh (0)