Gretsiya moliya vaziri Yanis Varufakis Yevropaning Afinaga nisbatan harakatlarini “terrorchilik” deb baholadi. Bu haqda u El Mundo gazetasiga aytib o‘tgan, deya xabar bermoqda “Nur.kz” Reuters’ga tayanib.
“Nega ular banklarni yopishimizga majbur qilyapti? Odamlarni cho‘chitish uchun. Agar qo‘rqitish keng yoyilsa, buni terrorchilik deyishadi”, — degan moliya vaziri.
U shuningdek, YeI va Gretsiya 5-iyul referendumi yakunlariga qaramay, kelishib olishi kerakligini ta’kidlagan. “Agar Gretsiya inqirozga uchrasa, trillion yevro yo‘qotiladi. Bu juda katta mablag‘ va men Yevropa bunga yo‘l qo‘yadi deb o‘ymayman”, — deya izoh bergan Varufakis.
30-iyunda Afinaga xalqaro kreditorlar uchligi (XVJ, Yevrokomissiya va YeMB) yordami dasturi to‘xtatildi. Oqibatda Gretsiyada banklar ishi to‘xtadi va bir kishi kuniga 60 yevrodan ortiq mablag‘ni naqdlashtirib ololmasligi yuzasidan cheklov joriy etildi.
Gretsiyaning qarzi 300 milliard yevrodan oshiq. XVJ bahosiga ko‘ra, vaziyatni izga tushirish uchun mamlakatga keyingi uch yilda 52 milliard yevro ajratilishi, shuningdek, tashqi qarzning bir qismidan voz kechilishi kerak.
Izoh (0)