Meksikaning San Pedro Uamelula shaharchasi meri Xoel Vaskes Roxasning timsoh bilan nikoh to‘yi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qiladi International Business Times.
Bu marosim shahar meri uchun birinchisi emas, Roxas o‘tgan yili ham timsohga uylangandi.
Marosimda “kelin”ga to‘y libosini kiydirishdi. Nikoh va’dalari aytilib, boshqa rasm-rusumlar amalga oshirilgach, kuyov kelindan bo‘sa oldi. Bu vaqtda timsohning og‘zi bog‘lab qo‘yilgandi.
To‘y marosimi yakunlanganidan so‘ng sudralib yuruvchi suvga qo‘yib yuborildi.
Ushbu marosim shaharning gullab-yashnashi uchun o‘tkazildi. Mahalliy aholi barcha baliqchilarning ovi serhosil bo‘lishiga umid qilmoqda. Qayd etilishicha, to‘yning barcha xarajatlarini shahar aholisi o‘z bo‘yniga olgan.
Izoh (0)