Gretsiya 28-iyun kuni cheklovchi choralarni joriy etganidan so‘ng, Yevropa bank sektorining umumiy kapitalizatsiyasi 50 milliard yevroga qisqardi. Bu haqda Bloomberg xabar bermoqda.
Agentlikning qayd etishicha, Yevropa banklari aksiyalari holatini aks ettiruvchi Stoxx 600 birja indeksi savdolar chog‘ida 4,4 foizga pasaydi – bu 2011-yil noyabridan beri kuzatilgan eng yomon ko‘rsatkichdir.
Eng ko‘p Portugaliya, Ispaniya va Italiya kredit tashkilotlarining qimmatli qog‘ozlari qiymati arzonlashmoqda. Portugaliyaning Banco Comercial Portugues banki aksiyalari narxi 9,1 foizga, Ispaniyaning Banco Popular Espanol banki qimmatli qog‘ozlari 6,5 foizga, Italiyaning Banca Monte dei Paschi banki aksiyalari esa 7,2 foizga arzonlashgan.
28-iyun kuni Gretsiya hukumati banklar faoliyatini 6-iyulga qadar to‘xtatish haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, chet elga mablag‘ chiqib ketishi oldini olish maqsadida kapital harakati ustidan nazorat joriy etildi. Hozirgi vaqtda Gretsiyada bir kishi bir kecha-kunduzda bankomatdan faqat 60 yevro yechib olishi mumkin.
5-iyul kuni Gretsiyada kreditorlarning “katta uchligi” – Yevrokomissiya, Yevropa markaziy banki va Xalqaro valyuta jamg‘armasi talab qilayotgan iqtisodiy tejamkorlik choralarini joriy etish zarurati masalasida referendum o‘tkaziladi.
Ma’lumot uchun, Gretsiyaning kreditorlar oldidagi qarzi 300 milliard yevrodan oshib ketgan. Mamlakat bosh vaziri Aleksis Siprasning xalqaro kreditorlar bilan olib borgan so‘nggi muzokaralari muvaffaqiyatsiz yakunlandi.
Izoh (0)