O‘zbekiston futbol federatsiyasi Ijroiya qo‘mitasining navbatdagi yig‘ilishida tashkilot prezidenti Mirabror Usmonov milliy terma jamoaga xorijlik mutaxassis jalb etilishi nega bir yil davomida ijobiy hal qilib kelinmaganligini tilga olib o‘tib, terma jamoalar mutasaddilarini so‘roqqa tutdi. Bu haqda O‘FF matbuot xizmati xabar qilmoqda.
“Men bir yildan beri milliy terma jamoaga xorijiy mutaxassisni jalb qilish bo‘yicha sizlarga taklif va mulohaza kiriting deyman, nega indamaysizlar? Qani taklif? Har qanday mablag‘ evaziga, har qanday mutaxassisni jalb etishga tayyor ekanligimni har majlisda takrorlasam ham hech biringiz indamaysiz!
Nega Terma jamoalar markazi bu masalani ijobiy hal qilmay, bir yildan beri cho‘zib yuripti. Bu masalani shaxsiy nazoratim ostiga olaman va muxlat beraman. Navbatdagi o‘yinga tayyorgarlik boshlanguncha, terma jamoada xorijlik maslahatchi murabbiy ish boshlashi kerak. Tamom!”, — dedi Mirabror Usmonov.
Majlis davomida O‘zbekiston terma jamoalarining qoniqarsiz natijalari uchun Sardor Rahmatullayev, Farhod Magametov, Sanjar Rizayev, Asqar Tolibjonov va Rustam Akramovga hayfsan e’lon qilindi.
Izoh (0)