AQSh prezidenti Barak Obama 10-iyun, chorshanba kuni Amerikaning Belarusga qarshi sanksiyalarining amal qilish muddatini yana bir yilga uzaytirdi, deya xabar bermoqda “RIA Novosti” Oq uyga tayanib.
Xabarda aytilishicha, sanksiyalar 2006-yilda “siyosiy repressiyalar bilan bog‘liq inson huquqlari buzilishi, jumladan (odamlar) hibsga olinishi va yo‘qolib qolishi, shuningdek korrupsiya, jumladan Belarus davlat aktivlarining noto‘g‘ri ishlatilishi yoki ularning davlat organi tomonidan noto‘g‘ri qo‘llanilishi” tufayli kiritilgan.
Kongress a’zolariga yuborilgan bildirishnomalarda Obama Belarus hukumati ba’zi a’zolarining xatti-harakatlari va siyosati demokratik jarayonlar yoki institutlarga putur yetkazishini eslatadi. AQSh prezidenti ta’kidlashicha, bunday xatti-harakatlar “AQSh milliy xavfsizligi va tashqi siyosatiga g‘ayrioddiy xatar soladi” va aynan shu sanksiyalar uchun sabab bo‘lib xizmat qilgan.
Sanksiyalar amal qilishining avvalgi muddati 2015-yil 16-iyunda tugashi kerak edi.
Sanksiyalar ko‘rsatilgan shaxslarning Amerika banklaridagi hisoblari yopilishi, ularning AQShga kelishi taqiqlanishi, Amerika kompaniyalari ular bilan hamkorlik qilishi man etilishini nazarda tutadi.
Izoh (0)