Markaziy razvedka boshqarmasi (MRB) rahbari Jon Brennan maxfiy ravisha Isroilga tashrif buyurdi. “RIA Novosti” xabariga ko‘ra, u Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyahu, shuningdek, Isroilning turli razvedka xizmatlari, xususan, “Mossad”ning yuqori martabali vakillari bilan uchrashgan.
Ko‘pdan beri kutilgan tashrif davomida MRB rahbari “Mossad” tashqi razvedka xizmati rahbari Tamir Pardo, harbiy razvedka qo‘mondoni, general-mayor Xertsi Alevi va milliy xavfsizlik masalalari bo‘yicha maslahatchi Yosi Koen bilan uchrashdi, deya xabar bermoqda Isroilning Haaretz nashri.
Xabar berishlaricha, MRB rahbari Isroil tomoni vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlar chog‘ida asosan Eron yadroviy dasturi bo‘yicha 30 iyun kuni imzolanishi kutilayotgan shartnoma borasida fikr almashilgan.
Manbalarning so‘zlariga ko‘ra, muloqotlar chog‘ida Yaqin Sharq mamlakatlaridagi terrorchilarning faolligi va qo‘poruvchilik harakatlaridagi Eronning ehtimoliy ishtiroki ham muhokama qilingan.
MRB rasmiylari mazkur tashrif haqidagi axborotlarga izoh berishdan bosh tortishdi.
Izoh (0)