Toshkent Axborot texnologiyalari universitetining Qarshi filialida to‘rtinchi bosqichda o‘qiyotgan yigit talaba bo‘lish orzusida yurgan yoshlarni “o‘qishga kiritib qo‘yaman”, deb aldab, mo‘may daromad topishni maqsad qildi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Ikki yil davomida TATU Qarshi filialiga kira olmagan abituriyentning onasi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yadigan “hojatbaror” haqida eshitdi va yordam so‘rash uchun uning oldiga keldi.
Firibgar talaba ayolga o‘g‘lini o‘qishga kiritishning boshqa yo‘llari borligini bildirib, farzandi qo‘shimcha shartnoma asosida o‘qishga kirishga rozi yoki norozi ekanligini so‘raydi. Bu taklif ayolga go‘yoki o‘g‘li talabalikka qabul qilingandek ta’sir ko‘rsatdi. O‘zgalar ishonchidan foydalanib, mo‘may pul topish ishtiyoqi firibgarga tinchlik bermadi. Shuning uchun ham vaziyatni qo‘ldan boy bermay, qo‘shimcha shartnoma asosida o‘qishga kiritish evaziga 4500 AQSh dollari so‘raydi. 2014-yilning 12-noyabrida ayol so‘ralgan pulni beradi.
Talaba tabiiyki so‘zining ustidan chiqa olmadi. Ayol esa o‘g‘li talabalikka qabul qilinavermagach, firibgarning tuzog‘iga ilinganini angladi. Har gal pulni qaytarishni so‘rab borganida, yigit turli bahonalarni ro‘kach qilishdan nariga o‘tmasdi. Shundan so‘ng jabrdiyda ayol uning xatti-harakatlari ustidan huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishga majbur bo‘ldi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Qarshi shahar sudi talabaga firibgarlik jinoyati uchun 3 yil-u 3 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Izoh (0)