Farg‘ona viloyati O‘zbekiston tumani Yaypan shahrida yashovchi shaxs g‘ayriqonuniy valyuta savdosi jinoiy javobgarlikni keltirib chiqarishini yaxshi bilgan bo‘lsa-da, uning nafsi hakalak otib, boshi berk ko‘chaga yetakladi, deb xabar beradi “Huquq” gazetasi.
Yaypan—Farg‘ona yo‘nalishida qatnaydigan haydovchi ikki nafar yo‘lovchining “mushkulini oson” qilish uchun ularni valyutafurushning uyiga boshlab keldi.
Ostonada narxlarni o‘zaro kelishib olganlaridan keyin xaridorlar ikki sumka pullarni mashinadan tushirib, hovlidagi so‘riga olib kirib qo‘ydi. Valyutafurush o‘g‘li bilan erinmasdan 45 million so‘mni sanab oldi. So‘ngra xaridorlarga 14 ming 800 AQSh dollarini sanab berdi. Xaridorlar ko‘chaga chiqib ketgan zahoti uyga SVOJJDLQK departamentining tuman bo‘limi xodimlari xolislar bilan kirib kelib, tezkor tadbir o‘tkazilganini aytdi. “Valyutachi” hozirgina sanab olgan pullarini ixtiyoriy topshirdi.
Sud majlisida ayblanuvchi uch-to‘rt oydan buyon g‘ayriqonuniy valyuta savdosi bilan shug‘ullanib kelganiga iqror bo‘ldi. Sobiq pedagogning huquqbuzarligi qimmatga tushdi. Unga sud hukmi bilan jarima jazosi tayinlanib, ashyoviy dalil tarzida olingan pullari davlat egaligiga o‘tkazildi.