Toshkent Fotosuratlar uyida 5-iyun kuni O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi hamkorligiga bag‘ishlangan “Yevropa – O‘zbekiston hamkorligi chehralari” fotoko‘rgazmasi ochildi. O‘zA xabariga ko‘ra, ko‘rgazma O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan Yevropa kunlari doirasida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi va Yevropa Ittifoqi delegatsiyasi hamkorligida tashkil etildi.
Namoyish etilayotgan fotosuratlarda Yevropa Ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar doirasida salmoqli yutuqlarga erishayotgan o‘zbekistonliklar, inklyuziv ta’lim tufayli o‘z qobiliyatini rivojlantirayotgan bolalar, oliy ta’lim tizimini modernizatsiya qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Tempus dasturida ishtirok etayotgan talabalar, Yevropa mamlakatlarida malaka oshirib qaytgan o‘zbek tadbirkorlari aks ettirilgan.
Barcha fotosuratlarga qisqacha ma’lumotlar ilova qilingan bo‘lib, muallif Muhiddin Alining so‘zlariga ko‘ra, suratlar joriy yilning aprel-may oylarida Toshkent, Samarqand va Urganch shaharlarida olingan.