Toshkent fransuz alyansi ochilishi munosabati bilan 3-iyun kuni matbuot anjumani o‘tkazildi, deb xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Fransiyaning O‘zbekistondagi elchisi Jak-Anri Elsning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston Adliya vazirligi tomonidan nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ro‘yxatga olingan Toshkent fransuz alyansi fransuz tilini o‘qitish bo‘yicha faoliyat olib boradi.
Alyans raisi Shoazim Minavarovning ta’kidlashicha, til o‘rganishni uch yoshdan boshlab ko‘plab turli guruhlarda o‘tish mumkin. Yozgi ikki oylik intensiv fransuz tili darslari uchun ro‘yxatga olish 9-iyundan 20-iyungacha bo‘lib o‘tadi. Butun o‘quv yili davomida esa uch oylik sessiyalar tashkil qilinadi.
Toshkent fransuz alyansi ijrochi direktori Yuliya Mrachkovskayaning so‘zlariga ko‘ra, yozgi tezkor kurslarning bir oyida o‘quv yilidagi uch oylik sessiyani o‘qish imkoniyati bo‘ladi. Shuningdek, bolalar uchun maxsus dastur ham tashkil etilishi rejalashtirilgan.
O‘qish yakunida tinglovchining darajasi ko‘rsatilgan sertifikat beriladi. Shuningdek, bu yerda Fransiya elchixonasi ko‘magida fransuz tili bo‘yicha sertifikat va diplomlarni olish uchun rasmiy imtihonlar o‘tkaziladi. Toshkent fransuz alyansi 2014-yil yozida yopilgan Toshkentdagi Fransuz institutining sobiq binosida joylashadi.
Izoh (0)