Janubiy Koreya va AQSH 2-iyun kuni Yapon dengizida qo‘shma harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazdi. “TASS”ning Janubiy Koreya mudofaa vazirligiga asoslanib xabar berishicha, mashg‘ulotlar davomida KXDR tomonidan amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan harbiy ig‘voga qarshi harakatlar ustida ishlangan.
Harbiy mashqlarda o‘ziyurar K-9 gaubitsalari, raketa qurilmalari, uchuvchisiz parvoz qiluvchi qurilmalar (dronlar), patrul katerlari va KA-1 shturmoviklari ishtirok etgan. Mudofaa vazirligi yaqin vaqt ichida yana bir shunday harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazishni rejalashtirmoqda.
Hozirgi vaqtda Janubiy Koreyaning Chejudo oroli yaqinida AQSH bilan hamkorlikda suvosti kemalariga qarshi tarixdagi eng yirik harbiy mashg‘ulotlar o‘tkazilmoqda. Bundan ko‘zlangan maqsad – yaqinda submarinadan turib ballistik raketa uchirgan KXDR suvosti flotiga qarshi harakatlarni rivojlantirishdan iborat. 3-iyungacha davom etadigan mashg‘ulotlarda o‘ndan ortiq kema qatnashmoqda.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, KXDR ixtiyorida 70ga yaqin suvosti kemasi bo‘lib, ularning 20tasi 633 (NATO tasnifi bo‘yicha “Romeo”) loyihasiga mansub. Shuningdek, Shimoliy Koreya ballistik raketalarni uchirish imkoniga ega yangi suvosti kreyserlarini ishlab chiqish ustida ham ishlamoqda.
Izoh (0)