Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Gruziya sobiq prezidenti Mixail Saakashvilini Ukrainaning Odessa viloyati gubernatori etib tayinladi. Bu haqda Echo.msk.ru xabar bermoqda.
Bu haqda birinchi bo‘lib Ukraina ekologiya va tabiiy resurslarni muhofaza qilish vaziri Igor Shevchenko Feysbukdagi sahifasida xabar bergan.
Saakashvili shanba kuni Odessa gubernatori sifatida tanishtirilishi mumkin. Uning o‘zi Feysbukdagi sahifasida ingliz tilida: “Men Odessani sevaman”, deb xabar qoldirgan.
Ko‘p o‘tmay Oliy Rada deputati Mustafo Naim o‘z tvitterida Saakashvili Ukraina fuqaroligini olganini ma’lum qildi. Ma’lumot uchun, Odessaga bungacha Igor Palitsa rahbarlik qilayotgandi.
Qayd etish joiz, Pyotr Poroshenko Ukraina prezidenti etib saylangach, qator oliy davlat lavozimlariga chet el fuqarolarini tayinladi. Xususan, AQSH fuqarosi moliya vaziriga aylangan bo‘lsa, iqtisodiy rivojlanish va savdo vaziri sifatida Litva vakili ish olib bormoqda.
Izoh (0)