2015-yil 30-may kuni “O‘zbekiston” sport majmuasida APB (AIBA Pro Boxing) turnirining 60 kilogrammgacha bo‘lga vazn toifasida birinchi bosqich birinchi uchrashuvlari bo‘lib o‘tadi, deb xabar qiladi “Sports.uz”.
Bellashuvlarni o‘tkazish huquqini O‘zbekiston boks federatsiyasi AIBA bilan kelishgan holda taqdim etdi.
Shu kuni to‘rtta jang tashkil etilib, 1—4-o‘rinni band etgan bokschilar Rio-de-Janeyro Olimpiadasi yo‘llanmasi uchun ringga ko‘tariladi. Unda o‘zbekistonlik Xurshid Tojiboyev irlandiyalik Devid Joys bilan, rossiyalik Dmitriy Polyanskiy braziliyalik Robson Konseykao bilan kuch sinashadi.
Yana ikki jang 5—8-pog‘onada borayotgan bokschilar o‘rtasida reyting o‘rinlari uchun o‘tkaziladi. Filippinlik Charli Suares shvetsiyalik Redoun Kayya bilan uchrashsa, germaniyalik Artur Bril italiyalik Domenik Valentinoga qarshi kurashadi.
Mazkur bosqichning to‘g‘ridan-to‘g‘ri Olimpiada yo‘llanmasini beruvchi litsenziyalar uchun ikkinchi janglariga ham Toshkent mezbonlik qiladi.
Izoh (0)