Tungi soat 23:00 larda ko‘cha aylanishga chiqqan 19 yoshdagi ikki yigit poytaxtdagi “Arkadiy” kafesi yoniga keladi. Biroz o‘tgan-ketganlarni kuzatib o‘tiradi. Shu vaqt ularning yonidan dugonasining tug‘ilgan kunidan qaytayotgan, voyaga yetmagan qiz o‘tib qoladi-yu, uning qo‘lidagi telefon planshet yigitlarda qiziqish uyg‘otadi, deb xabar qiladi “Huquq” gazetasi.
Bir-birlarini ko‘z qarashlaridanoq tushunib, qizning ortidan yo‘lga tushadi. Qiz qorong‘u, odamlar ko‘zidan xoli joyga yetgach, yigitlardan biri uning sumkasiga tashlanadi. Ikkinchisi esa qiz qarshilik ko‘rsatmasligi uchun uni uradi. Sumka qo‘lga kiritilgach, ikkovlon voqea joyidan qochib qoladi.
Devdek yigitlarning hamlasidan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan qiz birozdan keyin o‘ziga kelib, ichki ishlar organlariga murojaat qiladi. Olib borilgan tezkor-qidiruv jarayonida yosh qizga kuch ishlatgan “shovvoz”lar qo‘lga olindi.
Tergov jarayonida aybdorlar jabrlanuvchiga 1 million 300 ming so‘mlik zarar yetkazganliklari aniqlandi. Ular qizning 250 AQSh dollarlik planshetidan tashqari, 500 ming so‘m puli, yana bir qancha qimmatbaho buyumlarini ham qo‘lga kiritgan ekan. “Buzoqning yugurgani somonxonagacha”, deganlaridek, jinoyat ortidan boylik orttirmoqchi bo‘lgan yigitlar uzoqqa bora olmadi.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ularga qilmishiga yarasha jazo tayinlab, hukm chiqardi.
Izoh (0)