Rossiyaning Chelyabinsk shahrida Olimpiya o‘yinlari dasturidan o‘rin olgan taekvondoning WTF yo‘nalishi bo‘yicha kattalar o‘rtasida jahon chempionati bahslari davom etmoqda, deya xabar bermoqda Stadion.uz.
Dunyoning 141 davlatidan kelgan eng kuchli dayan ustalari g‘oliblik va shu bilan birga Rio-2016 Olimpiya o‘yinlarining muhim reyting ochkolari uchun bahs olib borishyapti.
16-may kuni o‘tkazilgan beshinchi kungi bahslardan so‘ng O‘zbekiston terma jamoasining ikki a’zosi – Jasur Boyqo‘ziyev va Dmitriy Shokin yarim finalga yo‘l oldi.
-87 kg vazn toifasida dunyoning birinchi raqamli taekvondochisi bo‘lib turgan Boyqo‘ziyev yarim finalga qadar serbiyalik Milosh Golubovichni 8:2, italiyalik Karlo Molfettani 9:5, chorak finalda meksikalik Misael Lopesni 3:2 hisobida mag‘lub etdi.
Eng og‘ir +87 kg vazn toifasida dayanga chiqayotgan Dmitriy Shokin esa avvaliga yamaykalik Jeyson Grantni 31:1, keyin italiyalik Leonardo Basileni 8:2, chorak finalda germaniyalik Volker Vodzixni yana ham ishonchli 11:2 hisobida dog‘da qoldirdi.
17-may kuni o‘tkaziladigan yarim final bellashuvida Boyqo‘ziyev rossiyalik Vladislav Laringa qarshi dayanga chiqsa, Shokin kubalik Robelis Despayn bilan hisob-kitob qiladi.
O‘zbekiston terma jamoasi ushbu musobaqa doirasida hozircha bitta kumush medalni qo‘lga kiritgan – o‘zbekistonlik Nikita Rafalovich -74 kg vazn toifasida finalga qadar yetib borib, kumush medal bilan taqdirlangan edi.
Izoh (0)