Facebook’dagi “Potrebitel.uz” guruhi a’zolaridan biri Toshkentning Parkent bozorida etikdo‘zlik qiluvchi Hamza ismli shaxsga minnatdorlik bildirib xabar qoldirdi.
Ayol yozishicha, 19-aprel, yakshanba kuni u turmush o‘rtog‘i bilan etikdo‘zga it uchun tasma yasattirgan. “U buyurtmamizni a’lo darajada bajardi”, — deya qayd etdi foydalanuvchi.
Biroq uyga qaytgach, er-xotin pul va hujjatlari solingan sumka uyda emasligini sezib qolgan, uni qidirishga kirishishgan. Sumka etikdo‘z Hamzaning ustaxonasidan topilgan. “U bizning iltimosimiz bilan 20:00 da uyidan kelib, sumkamizni bus-butunligicha qaytarib berdi”, — deya ta’kidladi ayol.
Post bir kechada mingdan oshiq “layk” va 60 ga yaqin izoh yig‘di. Izoh yozganlar ustani ezgu harakatlari uchun maqtab, unga yaxshi tilaklar bildirdi. Ba’zilar o‘zlari ham hayotda uchratgan yaxshi insonlarni esga oldi. Yana kimlardir post muallifini etikdo‘zga moddiy ko‘rinishda minnatdorlik bildirmagani uchun qoraladi.
Izoh (0)