“Sog‘lom avlod uchun” xalqaro xayriya fondi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” davlat aksiyadorlik temir yo‘l kompaniyasi va O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi hamkorligida Toshkent shahridagi Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarining Samarqand shahriga sayohati uyushtirildi, deb xabar bermoqda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi.
“Ona Vatan tarixi” shiori ostida uyushtirilgan sayohat davomida mutaxassislar bolalarga Samarqand shahri o‘tmishda yirik savdo va hunarmandlik, fan va madaniyat markazi bo‘lgani xususida so‘zlab berdi. Shu bilan birga mustaqillik yillarida Prezidentimiz rahnamoligida Samarqand ozod va obod yurtning bebaho durdonasi, tarix va zamonaviylik uyg‘unlashgan betakror shahar sifatida yanada ravnaq topayotgani alohida e’tirof etildi.
“Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand yoshlarimizni hayratlantirdi. Yurtimizda tarixiy-madaniy boyliklarni asrab-avaylash, hunarmandlikni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tibor samarasida obidalar, muqaddas qadamjolar tobora chiroy ochmoqda. Ushbu sayohatdan so‘ng bolalarimizda go‘zal Samarqand tarixini chuqurroq o‘rganishga qiziqish kuchaydi”, – dedi 30-Mehribonlik uyi tarbiyachisi Zuhra Obidova.
Shaharning noyob me’moriy obidalari, davlatimiz rahbari tashabbusi bilan barpo etilgan muhtasham imoratlar, madaniy-ma’rifiy inshootlar, saylgohlar bolalarda o‘zgacha taassurot qoldirdi.
Izoh (0)