Olimlar birinchi marta laboratoriya sharoitida inson oshqozonini plyuripotent hujayralari (xohlagan turdagi hujayraga aylana oladigan hujayra turi)yordamida o‘stirdi. Uch o‘lchamli “minioshqozon” dori-darmonlar ta’siri hamda kasallik qo‘zg‘atuvchi organizmlarni o‘rganishda qo‘llaniladi. Tadqiqot natijalari Nature jurnalida yoritilgan.
Biologlar 2 yil mobaynida embrion organizmida oshqozon rivojlanishining asosiy bosqichlarini aniqladi. Ularni Petri idishiga qo‘yib, o‘zak hujayralarni oshqozon hujayralariga aylantirdi. Bir oyda diametri 3 millimetrni tashkil etgan, turli xildagi moddalardan iborat bo‘lgan uch o‘lchamli organoidlarni chiqarishga muvaffaq bo‘ldilar.
So‘ngra tadqiqotchilar “oshqozon”ni gastrit, oshqozon hamda o‘n ikki barmoqli ichak yarasini keltirib chiqaruvchi Helicobacter pylori bakteriyasi bilan zararladi. Bir kun ichida mikrob oshqozon bo‘ylab tarqalib, c-Met saraton genini keltirib chiqardi.
Bundan tashqari, olimlar bu organoidlarni diabet va boshqa kasalliklarni o‘rganishda ham qo‘llamoqchi. Bunday tadqiqotlarni hayvonlarda o‘tkazish maqsadga muvofiq emas, chunki hayvon va odam oshqozoni tuzilishi bir-biridan tubdan farq qiladi.
Izoh (0)