ICTExpo axborot texnologiyalari ko‘rgazmasi sahnasida ESWC Uzbekistan-2014 Jahon kubogi saralash bosqichi yakuniga yetdi. Uning g‘olibi bir oydan keyin Parijda bo‘lib o‘tadigan kiber-o‘yinlar bo‘yicha Jahon kubogida yurtimiz sharafini himoya qiladi, deb xabar bermoqda Mobinfo.uz.
Avgust-sentabr oylarida poytaxtimiz va viloyatlarda e-sport bo‘yicha O‘zbekiston chempionati — “Zo‘r-Zo‘r UCG 2014” o‘yinlari bo‘lib o‘tgan edi. Jahondagi eng ommabop futbol simulyatori – FIFA 14 bo‘yicha o‘tkazilgan minglab o‘yinlar natijasida Paridagi jahon chempionati yo‘llanmasi uchun kurashda 8 finalchi: Boburshoh Nasulloyev (Buxoro), Dilshod Abdurahmonov (Samarqand), Abror Rustamov (Farg‘ona), Abdusapi Qayumov, Sirojiddin Kamolov, Olim Ismoilov, Pavel Saprikin va O‘ktam Ibragimov (Toshkent) nomlari aniqlangan edi.
So‘nggi tur o‘yinlari natijasiga ko‘ra “Zo‘r-Zo‘r UCG” g‘olibligi ketma-ket ikkinchi yil o‘zbekistonlik eng taniqli geymerlardan biri Abdusapi Qayumovga nasib etdi.
“Bu yilda biz final ishtirokchilarining o‘ta kuchli tarkibiga guvoh bo‘ldik. Bir o‘ylab ko‘ring: O‘zbekiston chempionati yakuniy o‘yinlarida sayyoramizning eng yaxshi virtual futbolchilari dan bir yo‘la ikki geymer – amaldagi Osiyo chempioni Pavel Saprikin va o‘tgan yilgi jahon chempionatida kuchli beshlikka kirgan Abdusapi Qayumov qatnashmoqda. Men g‘oliblarni samimiy tabriklayman va bu yilgi turnir yuqori saviyada o‘tganidan mamnunman”, − dedi Uzbeksitan Cyber Games tashkiliy qo‘mitasi raisi.
E-sport bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining FIFA 14 yo‘nalishida kumush medal Olim Ismoilovga, bronza medal esa Pavel Saprikinga nasib etdi.
Izoh (0)