Click kompaniyasi Duet (offline) va Visa (so‘mlik) plastik kartalarning tizimga ulanish imkoniyati ishga tushirilishi haqida xabar qilmoqda.
Endi O‘zbekiston Respublikasida mavjud bo‘lgan banklar tomonidan chiqarilgan barcha turdagi plastik kartalarning egalariga Click tizimidan foydalanishga imkon ochilmoqda. Hozirgi paytda respublikada 12,4 milliondan ortiq plastik kartalar aylanmaga chiqarilgan bo‘lib, shulardan 7 milliondan ortig‘i Duet kartalaridir, Visa plastik kartalarning soni esa 700 mingdan ziyod.
“Bugun biz Duet oflayn kartalarni tizimga ulash imkoniyatini ishga tushirdik va shu bilan bir vaqtda yangi platformaga banklarni ulash ishlarini faol olib bormoqdamiz. Visa plastik kartalari bo‘yicha ham shunday imkoniyatni joriy qilish ishlari olib borilayapti”, — deb ta’kidladi Click kompaniyasi direktori Ulug‘bek Rustamov.
Xabar berilishicha, so‘nggi yil davomida kompaniya o‘z foydalanuvchilari sonini 100 martaga oshirdi: o‘tgan yilning sentabri boshida ularning soni 4000 atrofida bo‘lgan bo‘lsa, hozirgi paytga kelib esa ularning soni 400 000 ga yaqinlashib qoldi.
Izoh (0)