O‘zbekiston Ot sporti federatsiyasi raisining birinchi o‘rinbosari Rafqat Mig‘monov Toshkentdagi matbuot anjumanida poytaxtdagi ippodrom rekonstruksiyasining qachon yakunlanishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda 12news.uz.
Uning aytishicha, ayni paytda ot sporti musobaqalari arenasini rekonstruksiya qilish ishlari olib borilmoqda.
“Ippodrom aksiyalari Fond birjasida xorijiy kompaniyalar uchun ham savdoga qo‘yilgan edi. Uning ochilish marosimi keyingi yildagi Navro‘z bayramiga to‘g‘ri kelishi mumkin”, — deya ta’kidladi Mig‘monov.
Avvalroq 1971-yilda qurilgan ippodromni modernizatsiya qilish ishlari fransiyalik mutaxassislar hamkorligida zamonaviy xalqaro standartlarni hisobga olgan holda olib borilayotgani xabar berilgan edi.
Majmuada turli sport tadbirlari o‘tkazilishidan tashqari, ot minishga o‘rgatish maktabi ham faoliyat olib boradi.
2010-yildagi hukumat qaroriga ko‘ra, “Markaziy Ippodrom” OAJning 90 foizi O‘zbekiston Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasiga, 10 foizi OAJning o‘ziga tegishlidir.
Izoh (0)