O‘zbekistonda vazirlik va idoralar rahbarlari korrupsiyaga qarshi kurashishda faol bo‘lishi lozim. Bu haqda 1-avgust kuni o‘tkazilgan yig‘ilishda Senat raisi Tanzila Norboyeva aytib o‘tdi.

Senat yalpi majlisida qonun ustuvorligini taʼminlash, ayniqsa, korrupsiyaga yo‘l bermaslik masalasiga eʼtibor qaratildi. Tanzila Norboyevaning taʼkidlashicha, korrupsiya — rivojlanishni orqaga tortadigan illat.
“Hozirda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi belgilab berilgan ustuvor yo‘nalishlar asosida hududlar, soha va tarmoqlarda keng qamrovli, o‘rganish va tahlillar olib bormoqda. Natijalar bevosita hududlarda, vazirlik, idoralarda sayyor tarzda muhokama qilinyapti. Bugunga qadar Milliy kengashning sayyor majlislarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Buxoro, Navoiy, Jizzax, Sirdaryo viloyatlari hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi, Sog‘liqni saqlash vazirliklari tizimidagi ishlar holati tanqidiy muhokama qilindi. Keng qamrovli yo‘l xaritalar qabul qilindi. Ishonch bildirilgan 100 nafardan ziyod mansabdorga nisbatan lavozimdan ozod etishgacha bo‘lgan qatʼiy choralar ko‘rildi”, dedi Senat rahbari.
Tanzila Norboyeva parlament ishchi guruhlari joylarda o‘rganish va tahlillarni davom ettirayotganini aytdi. Rais so‘zlariga ko‘ra, bu masalada hozirgacha oltita hududga taalluqli yo‘l xaritasi tuzilgan. Qolgan hududlarda ham o‘rganish tashkil etiladi. Joylardagi rahbarlar nima ishlar bilan bandligini Senat qo‘mitalari vakillari tekshiradi.
“Soha, tarmoqlarga kelsak, dastlabki bosqichda asosan byudjetdan eng ko‘p mablag‘ oladigan sohalarga eʼtibor qaratildi, yaʼni ular — taʼlim va tibbiyot. Bu qolgan sohalar, tizimlar eʼtibordan chetda, degani emas. Korrupsiya istalgan sohada uchrashi mumkin. Shuning uchun barcha sohalar qamrab olinadi. Vazirlik, idoralar rahbarlari alohida o‘rganishlarni kutib o‘tirmasdan, mustaqil ravishda tegishli sohalarda korrupsiyaviy omillarni o‘zlari aniqlashlari va bartaraf etish bo‘yicha ishlarni faollashtirishi lozim. Jumladan, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan hamkorlikda tizimli chora-tadbirlar ishlab chiqib, amalga oshirishlari zarur. Senat va Milliy kengash bu borada har qanday yordamga tayyor”, dedi Tanzila Norboyeva.
Joriy yil 29-iyulda prezident o‘tkazgan majlisda O‘zbekistonda 75 foiz korrupsiyaviy jinoyatlar maishiy shaklda sodir etilayotgani aytilgan. Davlat rahbari ko‘p hollarda korrupsiyaning sabablari chetda qolib, oqibati bilan kurashilayotganini tanqid qilgan. Korrupsiyaga yo‘l qo‘ymaydigan preventiv choralar hali yetarli emasligini ta’kidlagan. Har kuni odamlarning ishi tushadigan hokimlik, kadastr, bank va soliq idoralarida byurokratiya, “korrupsiyaviy tuynuklar” to‘liq yo‘qolmagani qayd etilgan.
Bosh prokuratura korrupsiyaviy omillarni aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha barcha hududlarda yo‘l xaritalari ishlab chiqilib, ijroga qaratilganini bildirgandi.
Izoh (0)