O‘zbekistonda 2017-yildan beri har avgustning birinchi yakshanbasi temiryo‘lchilar kuni sifatida nishonlab kelinadi. Prezident Shavkat Mirziyoyev soha xodimlarini 3-avgust kuni nishonlanadigan bayrami bilan tabrikladi.

Prezident tabrigida temiryo‘lchilar fidokorona mehnati tufayli mamlakatda yangi temiryo‘llar, vokzallar, xizmat ko‘rsatish tizimlari barpo etilayotgani yozilgan.
Davlat rahbari turli hududlarda olib borilayotgan qurilish va modernizatsiya ishlariga to‘xtalgan. Qutlov so‘zida Buxoro—Urganch—Xiva temiryo‘lining qurilishi, 3 800 kilometrdan ortiq temiryo‘l elektrlashtirilgani, yangi elektropoyezdlar xarid qilinayotgani kabi natijalar qayd etilgan.
Shuningdek, Samarqand—Urgut, Baitqo‘rg‘on—Parkent yo‘nalishlarida yangi temiryo‘l liniyalari qurilishi boshlangani, Xitoy—Qirg‘iziston—O‘zbekiston temiryo‘li bo‘yicha xalqaro loyiha ishga tushirilgani ham muhim voqea sifatida eʼtirof etilgan.
Prezident bayram munosabati bilan barcha temiryo‘lchilarga sog‘liq, oilaviy tinchlik va ishda omad tilagan. Temiryo‘l sohasini rivojlantirishga qaratilgan islohotlar davom etishini, bu borada barcha xodimlarning tajribasi va mehnati muhim ekanini alohida taʼkidlagan.
Izoh (0)