“Sevol” paromi halokati sabab Janubiy Koreyaning yetti vaziri iste’foga chiqarildi, deb xabar berdi “Kun” Yonhap axborot agentligi ma’lumotiga asoslanib.
Janubiy Koreya prezidenti Pak Kin Xe yetti nafar vazirni iste’foga chiqardi. Yonhap axborot agentligi xabariga ko‘ra, u 2013-yil fevralida prezidentlik vakolatini bajarishga kirishganidan beri birinchi marta hukumat tarkibida bu qadar katta o‘zgarishlarni amalga oshirdi.
Hukumatdagi ushbu o‘zgarishlar hisobiga Janubiy Koreya davlat rahbari qariyb 300 kishining o‘limiga sabab bo‘lgan “Sevol” paromi halokatidan so‘ng fuqarolarning hukumatga bo‘lgan ishonchini qaytarishga harakat qilmoqda.
Xabar berishlaricha, Pak Kin Xe bosh vazirning iqtisodiy masalalar bo‘yicha yangi o‘rinbosarini, shuningdek, xavfsizlik, ta’lim, mehnat va madaniyat hamda boshqa vazirliklarga yangi rahbarlarni tayinlagan.
Bortida 476 nafar yo‘lovchi bo‘lgan “Sevol” paromi 16-aprel kuni Janubiy Koreya qirg‘oqlari yaqinida cho‘kib ketgan edi. Kema halokati natijasida 291 kishi halok bo‘lgan, 13 kishi bedarak yo‘qolgan.
Kema halokati ishi bo‘yicha 20 ga yaqin kishi, jumladan, omon qolgan kema ekipajining barcha a’zolari hibsga olingan. Kema kapitani va uning uchta katta yordamchisiga ehtiyotsizlik natijasida qotillik qilish bo‘yicha ayblov e’lon qilingan, ularning barchasi umrbod qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin. Qolganlar mas’uliyatsizlikda ayblanmoqda.
Fojiadan so‘ng, halok bo‘lganlarning oila a’zolari fikricha, samarali qidiruv-qutqaruv ishlarini tashkil qila olmagani uchun yuzaga kelgan ommaviy norozilik kayfiyati bosimi ostida Janubiy Koreya bosh vaziri Chon Xon Von iste’fo berdi. 10-iyun kuni prezident bosh vazir o‘rniga sobiq jurnalist Mun Chan Gikni tavsiya qildi. Uning nomzodini mamlakat parlamenti ma’qullashi kerak.
Izoh (0)