Janubiy Koreya va AQSH 17-mart kuni Shimoliy Koreyaning yerosti tunnellari va asosiy yerosti inshootlarini egallashga qaratilgan qo‘shma harbiy mashg‘ulotlarni boshladi. Bu haqda JoongAng Daily xabar berdi.

Koreyaning Paju shahrida o‘tkaziladigan 4 kunlik mashg‘ulotlar askarlarni KXDRning mashhur yerto‘lalarida jang qilishga o‘rgatishi kerak. Bu yerto‘lalar Pxenyan yaqinidagi minglab tunnellar va boshqa strategik obyektlarni o‘z ichiga oladi. Janubiy Koreya armiyasining ta’kidlashicha, ular Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In va hukumatning yuqori doiralari uchun urush holatida evakuatsiya qilishning maxfiy yo‘llari sifatida ishlatilishi mumkin.
Bunday tahdidlarga qarshi turish uchun Janubiy Koreya armiyasi 2019-yilda maxsus yerosti jangovar kuchlarini tuzdi. Armiyaning ushbu bo‘limini modernizatsiya qilish, uni yuqori harakatchanlik, razvedka, logistika, kimyoviy urush va tibbiy qo‘llab-quvvatlash bo‘linmalari bilan ta’minlash rejalashtirilgan.
Shimoliy Koreyaning yerosti inshootlari, tunnellardan tashqari, ommaviy qirg‘in qurollari omborlari va metropoliten kabi shahar yerosti infratuzilmasini o‘z ichiga oladi.
HAMAS guruhi yetakchilarning qochishi, garovga olinganlarni ushlab turish va qurol-yarog‘ kontrabandasi uchun tunnellardan qanday foydalanish mumkinligini namoyish etgandan so‘ng, KXDR yerto‘lalariga e’tibor kuchaydi, deyiladi xabarda.
Janubiy Koreya va AQSH ishtirokidagi mashg‘ulotlarda 370 ga yaqin kishi qatnashdi. Mashg‘ulotlarda eng zamonaviy harbiy texnologiyalar, jumladan, Janubiy Koreyaning Swede dronlari va robotlari, AQSH armiyasining Black Hornet Nano harbiy mikrodroni hamda qo‘lbola portlovchi qurilmalarni aniqlash va zararsizlantirish uchun Talon robotidan foydalanildi.
Izoh (0)