AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaning nodir yer elementlarini Amerika yordami evaziga olishga qiziqish bildirdi. Bu haqda Oq uy matbuot xizmatiga tayanib AP xabar berdi.
Biz Ukraina bilan shunday bitim tuzmoqchimizki, unga ko‘ra, ular bizdan olayotgan narsalar evaziga bizga nodir yer elementlari va boshqa mahsulotlarni berishadi, dedi Tramp.
U nodir yer elementlari yetkazib berilishining xavfsizligini ta’minlashni istayotganini va Ukraina bu borada yordam berishga tayyor ekanligini qo‘shimcha qildi.
Biz yuzlab milliard dollar sarmoya kiritmoqdamiz. Ularda ajoyib nodir yer elementlari mavjud, deb ta’kidladi AQSH prezidenti.
Ukrainaning AQSH bilan noyob minerallarni birgalikda qazib olish bo‘yicha taklifi mamlakat prezidenti Vladimir Zelenskiy 2024-yil oktyabrda — Amerikadagi prezidentlik saylovidan oldin, Tramp va respublikachi kongressmenlarga taqdim etgan “g‘alaba rejasi”ning bandlaridan biri hisoblanadi. Bu haqda Financial Times (FT) nashri yozgan, keyinroq esa Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak ushbu ma’lumotni tasdiqlagan va gap, xususan, litiy va titan konlari haqida ketayotganiga aniqlik kiritgan.
FT ma’lumotlariga ko‘ra, ushbu band hamda Yevropadagi Amerika harbiy kontingentini qisman Ukraina qo‘shinlari bilan almashtirish taklifi respublikachi nomzodni qiziqtirgan.
Zelenskiyning “g‘alaba rejasi” beshta oshkora va uchta maxfiy bandni o‘z ichiga oladi. Ommaviy qoidalar, muhim resurslar sohasidagi hamkorlik va Amerika qo‘shinlarini ukrain qo‘shinlari bilan almashtirishdan tashqari, mojaroning tugashidan oldin Ukrainani NATOga taklif etilishi, uning mudofaasini kuchaytirish, “kompleks yadroviy bo‘lmagan strategik tiyib turuvchi paket”ni joylashtirish masalalarini qamrab oladi.
Ukraina Atrof-muhit va tabiiy resurslarni muhofaza qilish vazirligi mamlakatda dunyodagi barcha muhim xomashyo, jumladan, noyob yer elementlari zaxiralarining 5 foizi mavjudligini ma’lum qilgan.
Ukrainaning nodir yer metallari konlarining bir qismi Rossiya bosib olgan hududlarda joylashgan. Amerikaning OilPrice portali urush boshlanganidan beri Ukraina to‘rtta litiy konining ikkitasi ustidan nazoratni yo‘qotgani haqida yozgan. Ukrainada 500 ming tonnaga yaqin litiy zaxiralari mavjud bo‘lib, bu Yevropadagi eng yirik konlardan biridir.
Ukrainada Zelenskiyning g‘alaba rejasida 1991-yilgi chegaralarga qaytish talabi yo‘qligi ta’kidlangan.
Izoh (0)