O‘zbekiston qonunchiligida 2025-yil 1-maydan bir qator o‘zgarish va yangiliklar kuchga kirdi. Quyida ushbu sanadan kuchga kiradigan o‘zgarishlar taqdim etildi.

Elektr energiyasi va gaz tariflari o‘zgardi
Hukumat qarori bilan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun yangi tariflar 1-apreldan emas, 1-maydan kuchga kiradigan bo‘ldi.
Ushbu sanadan boshlab elektr energiyasi uchun amal qiladigan yangi tariflarni hisoblash uchun “Hududiy elektr tarmoqlari” sayti yoki HET BILLING mobil ilovasi orqali “Elektr energiyasining iste’mol qilish kalkulyatori”dan foydalanish mumkin.

1-maydan aholi iste’molchilari uchun belgilangan tabiiy gaz tariflari hisobi haqida ma’lumot.

Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 1600 so‘mdan 2000 so‘mgacha oshirildi (25 foizga).
Kam ta’minlangan oilalarga elektr va gaz to‘lovlarining bir qismi kompensatsiya qilinadi
2027-yil 1-aprelgacha “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shuningdek, reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli bo‘yicha kam ta’minlangan oilalar mezonlariga to‘g‘ri keluvchi, oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga:
- elektr energiyasi iste’moli bo‘yicha – oyiga bazaviy me’yordan 150 kVt soatgacha;
- tabiiy gaz iste’moli bo‘yicha – isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda bazaviy me’yordan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Tovarlarni bojsiz olib kirishning yangi normalari kuchga kirdi
Jismoniy shaxslar tomonidan shaxsiy ehtiyojlari uchun notijorat maqsadlarida respublikaga olib kiriladigan tovarlarni bojsiz olib kirishning yangi normalari:
- havo transportida — 1000 dollar (2000 dollar edi);
- temiryo‘l va daryo transportida — 500 dollar (1000 dollar edi);
- avtomobil (piyoda) o‘tkazish punktlari orqali — 300 dollar;
- xalqaro kuryerlik jo‘natmalari orqali — 200 dollar (bir chorakda 1000 dollar);
- xalqaro pochta jo‘natmalari orqali — 100 dollar (o‘zgarmagan).

Elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi belgilandi
Ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lmagan elektromobillar uchun BHMning 120 baravari (45 mln so‘m); Ishlab chiqarilgan muddatidan boshlab 3 yildan ortiq bo‘lgan elektromobillar uchun BHMning 210 baravari (78 mln 750 ming so‘m) etib belgilandi.

Banklar qarzdorlik hisobiga balansga olingan mol-mulklarni o‘zlari sotadi
Ustav fondida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan banklar va ular huzuridagi investitsiya kompaniyalari auksionda sotilmasdan qarzdorliklarni so‘ndirish evaziga bank balansiga olingan mol-mulklarni o‘zlari sotish huquqiga ega bo‘ldi. Ular shuningdek bunday mol-mulkni kredit, bo‘lib-bo‘lib to‘lash yoki lizing shartnomalari orqali sotishlari mumkin.
Ayrim tadbirkorlarga garovsiz kreditlar ajratiladi
O‘z faoliyatini YATT, mikrofirma yoki kichik korxona toifasigacha yiriklashtirgan o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar va tadbirkorlarga quyidagi miqdorlarda garovsiz kreditlar beriladi:
- oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi doirasida — 50 million so‘mgacha,
- kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi doirasida — 150 million so‘mgacha.

“Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yildi
Quyidagilarni nazarda tutuvchi “Hamkor tadbirkor” dasturi yo‘lga qo‘yildi:
- o‘z biznesini tashkil etmoqchi bo‘lgan xotin-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish;
- kooperatsiya asosida xotin-qizlarning tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish;
- mahalliy va xalqaro elektron platformalarda xotin-qizlarga o‘z mahsulotlarini joylashtirish va sotishga ko‘maklashish.
Tadbirkor ayollarga grantlar ajratiladi
“Hamroh” tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash dasturi doirasida xotin-qizlarga “yashil loyihalar” va IT sohasidagi loyihalarni amalga oshirishiga, shuningdek, kamida 5 nafar xotin-qizning tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashgan 1 ming nafar “ustoz” tadbirkorlarga 50 million so‘mgacha grant ajratiladi.

Ayrim tadbirkorlarga QQS tezlashtirilgan tartibda qaytariladi
O‘z faoliyatini tegishincha o‘rta yoki yirik biznes toifasigacha yiriklashtirgan tadbirkorlarga – 1 yil davomida qo‘shilgan qiymat solig‘i summasi o‘rnini qoplash (qaytarish) 7 kun muddatda tezlashtirilgan tartibda amalga oshiriladi.
Ayrim tadbirkorlar davlat ro‘yxatidan o‘tayotganida davlat boji undirilmaydi
O‘zini o‘zi band qilgan shaxslar yakka tartibdagi tadbirkor yoki yuridik shaxs sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganda, davlat boji undirilmaydi.
Kreativ park rezidentlariga soliq imtiyozlari beriladi
2031-yil 1-yanvargacha kreativ park rezidentlariga quyidagi soliq imtiyozlari joriy etiladi:
- ijtimoiy soliqni hamda jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini 50 foiz kamaytirilgan stavkada to‘laydi;
- tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) realizatsiya qilishdan olingan daromadi miqdoridan qat’i nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar toifasiga kiritiladi. Bunda ular o‘z istagiga binoan umumbelgilangan soliq solish tartibiga o‘tishlari mumkin.
Mahsulotlar va xizmatlarda “Halol” belgisi paydo bo‘ladi
Sertifikatlashtirilgan mahsulot va xizmatlarni “Halol” belgisi bilan tamg‘alashga ruxsat etildi.
Fonogrammadan foydalanish cheklanadi
Davlat byudjeti va byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobidan moliyalashtiriladigan barcha konsert-tomosha tadbirlarida fonogrammadan foydalanish bosqichma-bosqich cheklanadi.
Shuningdek, Madaniyat vazirligi tomonidan ijodkorlarni “O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti”, “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist” va “O‘zbekiston Respublikasi xalq hofizi” davlat mukofotlariga tavsiya etishda, birinchi navbatda, ularning jonli ijro eta olish qobiliyati inobatga olinadi.

Fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bepul o‘qitiladi
Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida fuqarolar yig‘ini raislari oilaviy mediatsiya ishlari bo‘yicha professional mediatorlikka bepul o‘qitiladi.
Bunda:
- 2025-yil davomida O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan kelishilgan holda har bir tumanda (shaharda) 5 nafardan fuqarolar yig‘ini raislari o‘qitiladi;
- kelgusida barcha fuqarolar yig‘ini raislari professional mediatorlikka bosqichma-bosqich o‘qitib boriladi;
- professional mediatorlikka o‘qitilgan fuqarolar yig‘ini raislari otaning (onaning) voyaga yetmagan farzandlari uchun ota-onalik huquqlarini ta’minlash bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha mediatorlik faoliyatini bepul amalga oshiradi.
“Toza qo‘llar” dasturi ishga tushdi
Barcha sog‘liqni saqlash va ta’lim muassasalarida quyidagilarni nazarda tutuvchi “Toza qo‘llar” dasturi amalga oshiriladi va aholi orasida keng targ‘ib qilinadi:
- qo‘l yuvish joylarini zarur sanitariya-gigiyena vositalari bilan ta’minlash;
- sanitariya-gigiyena xonalarining texnik holatini yaxshilash, yangi qurilayotgan muassasalarda ularni binoning ichki qismida joylashtirish;
- yil davomida birinchi navbatda qo‘l yuvish va antiseptik vositalarni xarid qilishni nazarda tutish.
Ozodlikdan mahrum etish joylaridan chiqqanlarga nafaqa puli “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali beriladi
Ozodlikdan mahrum etish joylaridan ozod qilingan shaxslarga BHMning 6 baravari miqdoridagi 1 martalik nafaqa puli uni tayinlashning amaldagi tartibi saqlab qolingan holda “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari orqali to‘lanadi.
Izoh (0)