O‘zbekistonda markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun 2026-yildan jarimalar joriy etiladi. Bu haqda “Majburiy raqamli markirovkalash tizimi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi prezident qarorida belgilandi.

Hujjatdan asosiy maqsad — markirovkalangan mahsulotlarning harakat zanjirini to‘liq kuzatib borish orqali yashirin ishlab chiqarish va kontrafakt mahsulotlar muomalasiga chek qo‘yish. Tadbirkorlik subyektlariga qo‘shimcha imkoniyat yaratish.
Unga ko‘ra, tadbirkorlar tomonidan olingan markirovka kodlarini mahsulotlarga qo‘llash uchun belgilangan 90 kunlik muddat bekor qilinadi. Bunda foydalanilmasdan turgan markirovka kodlari uchun amalga oshirilgan to‘lovlar yangi kodlarni sotib olishda hisobga olinadi.
Markirovka kodlari mahsulotga bevosita qo‘llangandan keyin ular uchun to‘lov amalga oshiriladi. CRPT Turon markirovkalash tizimi operatori mahsulotlarni agregatsiyalashda qo‘llanadigan kodlarni bepul taqdim etadi. Tadbirkorlik subyektlari murojaatlarini tezkor hal qilish uchun tun-u kun ishlovchi Call-markaz yo‘lga qo‘yiladi.
2025-yilning 1-iyulidan raqamli markirovkalangan mahsulotlarni ulgurji sotish faqat naqd pulsiz shaklda bank hisobvaraqlari orqali amalga oshiriladi.
Raqamli markirovka qoidalariga rioya qilinishini nazorat qilish bo‘yicha hududlararo soliq inspeksiyasi tashkil etiladi. Inspeksiya markirovkalangan mahsulotlar aylanmasining barcha bosqichlarida tizimli nazoratni ta’minlashi kerak.
Chakana sotishda markirovka kodi kiritilgandan so‘ng onlayn nazorat-kassa texnikasining kassa cheki shakllantiriladi. Bunda oldin foydalanilgan markirovka kodlari mustasno.
2026-yil 1-yanvardan majburiy raqamli markirovkalash qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha masofaviy soliq tekshiruvini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi. Bunda huquqbuzarliklar soliq organlarining axborot tizimi orqali aniqlanadi. Tekshiruv uchun maxsus guvohnoma talab etilmaydi hamda qoidabuzarliklar aniqlansa, bartaraf etish bo‘yicha ogohlantirish beriladi. Ikkinchi marta ogohlantirish berilgandan so‘ng qoidabuzarlik yana sodir etilganda esa, realizatsiya amalga oshirilgan oxirgi hisobot choragida olingan tushumning ma’lum foizi miqdorida jarima qo‘llaniladi.
Jarima miqdori quyidagicha bo‘ladi:
- bir oy davomida birinchi marta — sof tushumning 0,2 foizi;
- bir yil ichida ikkinchi marta — sof tushumning 0,4 foizi;
- bir yil ichida uchinchi marta — sof tushumning 1 foizi;
- bir yil ichida to‘rtinchi marta va undan keyingi holatlar — sof tushumning 2 foizi.
Jarima qo‘llanilgan tadbirkorlarga 1 yil davomida QQS summasining o‘rni qoplanmaydi.
Izoh (0)