Prezident Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 9-may kuni Ikkinchi jahon urushidagi G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etdi. Bu haqda O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Qizil maydonda G‘alaba paradi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Xitoy raisi Si Szinpin, Braziliya prezidenti Lula da Silva, Misr prezidenti Abdulfattoh as-Sisi, Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev, Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon, Turkmaniston prezidenti Serdar Berdimuhamedov, Mo‘g‘uliston prezidenti Uxnaagiyn Xurelsux, Kuba prezidenti Migel Dias-Kanel, Venesuela prezidenti Nikolas Maduro va boshqalar ham qatnashdi.

Ikkinchi jahon urushidagi g‘alaba millionlab insonlarning jasorati, matonati va fidoyiligi natijasidir. Bu ulug‘ maqsadga erishishda O‘zbekiston xalqining ham salmoqli hissasi bor.

Urush boshlangan paytda respublika aholisi 6 million nafardan ziyod edi. Urush yillarida ikki millionga yaqin o‘zbekistonlik frontga jo‘natildi. 538 mingdan ziyod kishi jang maydonlarida halok bo‘ldi, 158 mingdan ortig‘i bedarak yo‘qoldi.

Ko‘rsatgan mardligi va jasorati uchun O‘zbekistondan 214 mingdan ziyod askar va ofitser jangovar orden va medallar bilan taqdirlandi. Vatandoshlarimizdan 301 kishi Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘ldi, yana 70 kishi “Shuhrat” ordenining barcha darajalari sohibi bo‘ldi.

O‘zbek xalqi mehnat borasida ham ulkan jasorat ko‘rsatdi. Mamlakat frontning ishonchli tayanchiga aylandi: bu yerdan oziq-ovqat, kiyim-kechak, dori-darmon, qurol-yarog‘ va boshqa zarur resurslar uzluksiz jo‘natib turildi. Qisqa muddatda O‘zbekiston hududida 170 dan ortiq evakuatsiya qilingan korxonalar joylashtirilgani mudofaa sanoatining uzilishlarsiz ishlashini taʼminladi.

O‘sha og‘ir yillarda O‘zbekiston xalqi yuksak insonparvarlik namunasini ko‘rsatib, frontoldi hududlaridan evakuatsiya qilingan 1,5 milliondan ortiq kishini, jumladan, 250 mingdan ziyod yetim bolalarni qabul qildi.

O‘zbek xalqining urush yillaridagi jasorati xalqaro hamjamiyatda keng eʼtirof etilmoqda.
O‘zbekistonda ham urush va mehnat fronti qatnashchilarining xotirasini abadiylashtirish, faxriylarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Toshkentda ulug‘vor “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi barpo etildi.

G‘alaba paradi yakunida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya prezidenti va boshqa davlat rahbarlari bilan birgalikda Aleksandr bog‘idagi Nomaʼlum askar qabriga gul qo‘ydi.

Ushbu yodgorlik g‘alaba yo‘lida mislsiz jasorat ko‘rsatgan va jon fido qilgan millionlab jangchilar, jumladan, O‘zbekiston farzandlari xotirasiga o‘rnatilgan.

Marosim bir daqiqalik sukut hamda faxriy qorovul va harbiy orkestrning tantanali yurishi bilan yakunlandi.
Izoh (0)