Ijtimoiy himoya milliy agentligi nogironlikni belgilashga doir muhim ma’lumotlarni e’lon qildi.

Unda 2025-yil I choragi yakuniga ko‘ra, O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar soni 1 031 609 nafarni yoki O‘zbekiston aholisining 2,7 foizini tashkil etadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslarning 173 285 nafari 18 yoshgacha bo‘lgan bolalarni, 94 722 nafari — I guruh, 695 372 nafari — II guruh, 67 006 nafari –— III guruh nogironligini tashkil qiladi.
Nogironligi bo‘lganlarning 465 645 nafari yoki 45 foizi ayollar, 565 964 nafari yoki 55 foizi erkaklar hisoblanadi.
Nogironligi bo‘lganlarning yoshi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich 30 yoshdan pensiya yoshigacha bo‘lganlarda (493 879 nafar) belgilangan. 2025-yilning o‘tgan davri mobaynida tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalari tomonidan 17 499 nafar shaxslarga birlamchi, 41 487 nafar shaxslarga qayta nogironlik belgilangan.
Nogironligi bo‘lgan shaxslar hududlar kesimida eng yuqori ko‘rsatkichi:
- Samarqand (110 189),
- Qashqadaryo (108 041),
- Farg‘ona (94 395),
- Andijon (88 470)
- Surxondaryo (88 470) viloyatlarida
Eng past ko‘rsatkich esa:
- Sirdaryo (38 123),
- Jizzax (44 496),
- Navoiy (48 172)
- Buxoro (60 446) viloyatlarida kuzatilgan.
Mart oyidagi nogironlik nafaqasi haqida
Jami I va II guruh nogironlik nafaqasi oluvchilar soni 315 057 nafarni tashkil etib, ularga mart oyi uchun jami 303,5 mlrd so‘m pul mablag‘lari to‘lab berilgan. Shundan:
- I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilar soni: 38 574 nafar. Nafaqa miqdori esa: 1 027 000 so‘m.
- II guruh nogironlik nafaqasi oluvchilar: 276 483 nafar. Nafaqa miqdori: 920 000 so‘m.
Bundan tashqari, I guruh ko‘z bo‘yicha nogironlik nafaqasi bo‘yicha 4 782 nafar shaxs uy-joy kommunal xizmatlari uchun kompensatsiya oladi. To‘lov miqdori: 192 600 so‘m. Yuqorida keltirilgan uch toifalardagi nafaqa oluvchilarga mart oyida jami 931,8 mln so‘m mablag‘lar to‘lab berilgan.
18 yoshgacha bolalikdan nogironlik nafaqasi oluvchilar soni 171 380 nafarni tashkil etadi. Miqdori: 920 000 so‘m. Joriy yilning mart oyi uchun 163,6 mlrd so‘m to‘lab berilgan.
Izoh (0)